Maktab yangiliklari · Bizning faxrimiz
Yaqinda davlatimiz rahbari ta’lim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimotimizda oldimizga iqtisodiyot…
Yaqinda davlatimiz rahbari ta’lim tizimini isloh qilish masalalariga oid taqdimotimizda oldimizga iqtisodiyot tarmoqlarining hozirgi va kelgusi talabidan kelib chiqib, texnika va muhandislik yo‘nalishlarini rivojlantirish vazifasini qo‘ygan edi. Shunga muvofiq, hududlarda muhandislik maktablari tashkil etilmoqda. Bugun mamlakatimiz taraqqiyoti uchun yetuk salohiyatga ega muhandis kadrlar nihoyatda zarur.
Kecha men ishtirok etgan tadbirda “Eng yaxshi g‘oya”, “Eng yaxshi loyiha” va “Eng yaxshi ixtiro” respublika ko‘rik-tanlovlari g‘olib boʻlgan yosh muhandislar tantanali taqdirlandi.
Uch bosqichda tashkil etilgan tanlovda 1262 nafar iqtidorli yosh muhandislar oʻz loyihalari bilan ishtirok etdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra jami 28 nafar g‘olib aniqlandi.
9 nafar birinchi o‘rin sohibi Prezident sovgʻasi – BYD Chazor elektromobillari bilan taqdirlandi.
Ikkinchi o‘rin egalariga xorijiy davlatlarda barcha xarajatlari qoplanadigan stajirovka yo‘llanmalari, uchinchi o‘rin sohiblariga esa 37,5 million so‘mlik pul mukofotlari topshirildi.
Bundan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindorlari forumida ham ishtirok etdim.
Forumda Kembrij, Oksford, Pensilvaniya, Seul, Nyu-York va Gonkong kabi universitetlarga oʻqishga kirgan yoshlarning hikoyalarini tingladik.
Ma’lumot uchun: yakuniy natijalarga koʻra, 173 nafar nomzod “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining“El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindori” deb eʼtirof etildi. Quvonarlisi, sovrindorlarning 25 foizini xotin-qizlarimiz tashkil qilmoqda.
Raqamlarga qarasak: stipendiantlarning qariyb 70 foizi — Top-100 talik universitetlarga oʻqishga kirgan. Mamlakatlar kesimida olsak: 42 foiz sovrindorlar — Buyuk Britaniya universitetlari, 26 foizi — AQSH universitetlari, 12 foizi — Xitoydagi universitetlarda ta’lim oladi. Shuningdek, yoshlarimiz Janubiy Koreya, Italiya, Kanada, Avstraliya va boshqa davlatlarda oʻqiydi.
Kechagi kun nafaqat yoshlar, shaxsan men uchun ham hayajonli boʻldi. Kun qahramonlari – gʻolib muhandislarimiz, “El-yurt umidi” stipendiantlarini yana bir bor tabriklayman. Barchangiz olgan ilmingiz, tajribangizni mamlakatimiz taraqqiyotiga sarflashingiz, dono xalqimiz va Prezidentimiz ishonchini oqlashingizni tilayman.
@hilola_umarova