Maktab yangiliklari · Tadbirlar
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” universiteti binosining…
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” universiteti binosining qurilishini koʻzdan kechirdi.
Mamlakatimizda iqtisodiyotning strategik tarmoqlarini ilmiy asosda rivojlantirish, innovatsiya va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bu jarayon, avvalo, zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan malakali kadrlar tayyorlash bilan uzviy bogʻliq.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-iyundagi qaroriga muvofiq “Yangi O‘zbekiston” universiteti tashkil etilgan.
Universitetning Yangi Toshkentda barpo etilayotgan binolari majmuasining dastlabki qiymati 200 million dollar bo‘lib, 50 gektar maydonni qamrab oladi.
Loyiha Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi buyurtmasi asosida turkiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Qurilish ishlari “Özgüven” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Universitet binolarini 2027-yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Majmua tarkibida 10 ming talabaga moʻljallangan 5 ta fakultet, rektorat, ming oʻrindan ortiq joyga ega kutubxona, muzey, koʻrgazmalar zali, multimedia xonalari barpo etiladi. Shuningdek, talabalar uchun ming oʻrinli sport majmuasi va suzish havzasi, professor-oʻqituvchilar va talabalarga moʻljallangan 2 ming oʻrinli yotoqxonalar hamda oshxonalar quriladi.
Ayni paytda qurilish ishlari uch bosqichda olib borilmoqda. Davlatimiz rahbari loyihaning asosiy parametrlari, taʼlim jarayoni uchun yaratiladigan infratuzilma va sharoitlarga alohida eʼtibor qaratdi. Yoshlarning ilmiy va intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarishda bunday zamonaviy taʼlim dargohlarining ahamiyati alohida qayd etildi.
– Ushbu universitetda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ta’lim dasturlari boshqa oliy o‘quv yurtlari uchun andoza bo‘lishi kerak,– dedi davlatimiz rahbari.
Boshqa oliy o‘quv yurtlarini ham shu tarzda ta’mirlash, jihozlash, ta’limga ilg‘or texnologiyalarni jalb etish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.
@hilola_umarova