Maktab yangiliklari · Tadbirlar
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari boshchiligidagi yig‘ilishda quyidagi vazifa va imkoniyatlar belgilab olindi:
- muddatli harbiy xizmatning yangi modeli shakllantirilishi belgilandi, bunda har bir harbiy xizmatchi armiyadan qaytganda kasbiy ko‘nikmalar va real istiqbollarga ega bo‘ladi;
- "Bir million dasturchi" va "Sun’iy intellekt sohasida besh million yetakchi" dasturlari doirasida har yili 5 ming nafar muddatli harbiy xizmatchilar o‘qitiladi;
- muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun shart-sharoitlar yaratiladi, shuningdek, harbiy xizmatdan qaytgandan keyin o‘qishi qo‘llab-quvvatlanadi, shu jumladan sertifikat xarajatlari qoplanadi va foizsiz ta’lim kreditlari beriladi;
- muddatli harbiy xizmatdan qaytganlarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish choralari kengaytirilmoqda, shu jumladan ularning tadbirkorligi qo‘llab-quvvatlanadi va ishga joylashishda qo‘shimcha imtiyozlar beriladi;
- harbiy xizmatchilarning xizmat va turmush sharoitlari yanada yaxshilanadi, harbiy xizmatchilar, ularning oilalari va harbiy pensionerlarni ijtimoiy himoya qilishga alohida e’tibor qaratiladi:
- 1-apreldan boshlab ofitserlarning ko‘p yillik xizmati uchun ustama haqi 2 baravarga oshiriladi;
- kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar va serjantlarning ish haqi 10 foizga oshiriladi;
- hududiy mudofaa organlarining harbiy bo‘lmagan xodimlari mehnatiga haq to‘lash joriy yilda 20 foizga, kelgusi yilda yana 50 foizga oshiriladi;
- 30 yildan ortiq ish stajiga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilarga pensiya hisoblashda hisobga olinadigan pul ta’minoti miqdori 75 foizdan 100 foizgacha oshiriladi;
- ma’naviy-ma’rifiy tarbiya maqsadida joriy yilda harbiy qism va muassasalar 1 million nusxada badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanadi;
- armiyada sportni rivojlantirish davom ettiriladi, jumladan, yoshlarning qiziqishiga javob beradigan zamonaviy yo‘nalishlar joriy etiladi;
- yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, bunda raqamli makon xususiyatlarini hisobga olish muhimligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari yig‘ilish yakunida Qurolli Kuchlarimizning jasur askar va serjantlari, ofitser va generallari, faxriylari, ularning oila a’zolari va yaqinlarini O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy tabrikladi.
– Sizlarning jasoratingiz, qasamyodga sadoqatingiz, el-yurt himoyasi yoʻlidagi fidoyiligingiz bilan butun xalqimiz faxrlanadi. Goʻzal yurtimizda tinchlik-osoyishtalik va hamjihatlik doimo hukm sursin, jonajon Vatanimiz yanada mustahkam va barqaror boʻlsin! – dedi davlatimiz rahbari.