Новости школы · Bizning faxrimiz

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi va University of Warwick o‘rtasida hamkorlik aloqalari…

30.04.2026 699

🇺🇿🇬🇧 Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi va University of Warwick o‘rtasida hamkorlik aloqalari izchil ravishda kengaymoqda

🎓 Agentlik direktori Sevara Shakirova Buyuk Britaniyaning nufuzli universitetlaridan biri hisoblangan mazkur oliy ta’lim muassasasi vakili Daria Patini bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida tomonlar ta’lim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, istiqbolli rejalarni muhokama qildilar.

Uchrashuv jarayonida agentlik rahbari tizimga qarashli ta’lim muassasalarining faoliyati, erishilgan yutuqlar va amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi. O‘z navbatida, universitet vakili xalqaro talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, ta’lim dasturlari va akademik muhit xususida to‘xtalib o‘tdi.

Ma’lumot o‘rnida, University of Warwick Buyuk Britaniyadagi eng kuchli o‘nta universitet qatoriga kirib, nufuzli Russell Group a’zosi hisoblanadi. Universitet, ayniqsa, biznes, muhandislik va STEM yo‘nalishlarida yuqori salohiyatga ega. Bugungi kunda kampusda tahsil olayotgan 30 ming nafar talabadan qariyb 10 ming nafari dunyoning 120 ga yaqin mamlakatlaridan kelgan xalqaro talabalardir.

Muzokaralar doirasida quyidagi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi:

⚫️ maktab maslahatchilarining malakasini oshirish, jumladan, Buyuk Britaniya ta’lim tizimi, bitiruvchi sinf o'quvchilarini xorijiy universitetlarga tayyorlash va tavsiyanomalar yozish bo‘yicha maxsus onlayn seminar va treninglar tashkil etish;
⚫️ iqtidorli o‘quvchilar uchun universitet professorlari ishtirokida xalqaro master-klass va ma’ruzalar o‘tkazish;
⚫️ STEM fanlari o‘qituvchilari uchun zamonaviy o‘quv dasturlari asosida onlayn va oflayn malaka oshirish kurslarini tashkil etish;
⚫️ yangi muhandislik maktablari loyihasi doirasida xorijiy professorlarni o‘quv jarayoniga jalb etish.

Uchrashuv yakunida mazkur muloqot ikki tomon o‘rtasida mustahkam ta’lim ko‘priklarini barpo etish, ilg‘or tajribalar almashinuvini kuchaytirish va yoshlarning xalqaro ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.