Новости школы · Bizning faxrimiz

Hurmatli ustoz va murabbiylar!

01.10.2025 558

Hurmatli ustoz va murabbiylar!

Siz azizlarni 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Bugun yurtimizda ta’lim-tarbiya tizimiga, ustoz va murabbiylarga bo‘lgan e’tibor yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Jamiyatimizda o‘qituvchining o‘rni va ta’siri tobora ortib, maqomi yanada mustahkamlanmoqda. Bu esa Davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning amaliy samarasidir.

Prezidentimizning shu yilning sentabr oyida ustozlar bilan qilgan muloqotida ham siz azizlar uchun yangi imtiyozlar va yangiliklar e'lon qilindi. Bu tarixiy yangiliklar va o‘zgarishlarga esa pedagoglarimiz doimo fidoyilik va yuksak mas’uliyat bilan javob berib kelmoqda.

Aziz pedagoglar!

Sizlar — jamiyatimizning tayanchi, kelajak bunyodkorlari bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalovchi ulug‘ zotlarsiz. Sizning mehringiz va saboqlaringiz tufayli yoshlarimiz barkamol inson, Vatanimizga sadoqatli farzand bo‘lib ulg‘aymoqda.

Sizlarga sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik, ijodiy yutuqlar, sharafli va mas’uliyatli kasbingizda zafarlar tilayman.

Kasb bayramingiz muborak bo‘lsin!

Hilola Umarova,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari