School news · Bitiruvchilar

Qatar Davlati poytaxti Doha shahriga qilgan safarimiz doirasida WISE 12 global sammitida ishtirok etdik.

26.11.2025 828

Qatar Davlati poytaxti Doha shahriga qilgan safarimiz doirasida WISE 12 global sammitida ishtirok etdik.

Ushbu nufuzli anjumanda Qatar davlatining oliy martabali mehmonlari, xalqaro tashkilotlar va hukumat vakillari, qator mamlakatlarning taʼlim vazirlari, elchixonalar rahbarlari qatnashdi.

Sammit doirasida ishtirokchilar bilan birgalikda taʼlim tizimiga innovatsiyalarni joriy etish, inklyuziv taʼlimni rivojlantirish, tenglik va imkoniyatlar masalalari muhokama etildi.

⏰ Doha shahrida tashkil etilgan WISE-12 sammiti doirasida bir qator samarali ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdik.

🔹 Xususan, Qatar Davlati Ta’lim vaziri Lolva bint Rashid bin Moxammed Al Xater bilan uchrashib, xususiy sektorni ta’limga jalb etish, hamkorlikda xalqaro maktab qurish masalalarini ko’rib chiqdik.

So’ngra “Education Above All” jamg‘armasi bosh direktori Muhammad Saad Al Kubaysiy, Pokiston Federal taʼlim va professional rivojlanish bo‘yicha davlat vaziri Vajiha Kumar, Qatar taraqqiyot jamg‘armasi rahbariyati Fahad Hamad Al Sulaytilar bilan suhbatlashib, inklyuziv taʼlimni kengaytirish, xususiy sektor tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qiluvchi loyihalar yuzasidan fikr almashdik.

Muzokaralar chog‘ida taʼlim sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish, ekologiya va iqlim bo‘yicha taʼlim tashabbuslarini ilgari surish, xalqaro almashinuv dasturlarini rivojlantirish bo‘yicha aniq tashabbuslar yuzasidan kelishib oldik.

📊 Qatardagi uchrashuvlar doirasida Qatar jamg‘armasi qoshidagi Pre-University Education rahbariyati bilan ham uchrashuv o‘tkazdik.

Ushbu muloqotda o‘quvchilar o‘rtasida almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, maktab bitiruvchilarini dunyoning yetakchi universitetlariga tayyorlash tizimi, yuqori natija beruvchi taʼlim modellarini o‘rganish va ushbu tajribani O‘zbekiston taʼlim tizimiga bosqichma-bosqich joriy etish masalalari muhokama etildi.

🌐 Safar doirasida Doha shahrida joylashgan maktabgacha taʼlim muassasalari va umumtaʼlim maktablarida ham bo‘lib, taʼlim jarayonlari, zamonaviy o‘qitish usullari, o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, raqamli texnologiyalar joriy etilgan o‘quv muhiti bilan yaqindan tanishdik.

➖ Bu kabi tajribalar biz uchun juda muhim, chunki mamlakatimizda Prezidentimiz belgilab bergan ustuvor vazifalardan biri — har bir bolaga zamonaviy, sifatli va inklyuziv taʼlimni taqdim etishdir.

🔰 WISE 12 global sammiti doirasida «Hamma narsa taʼlimdan boshlanadi: Imkoniyatga erishish yo‘llari» mavzusidagi plenar sessiyasida ham ishtirok etdik.

Ushbu safar chog‘ida o‘rnatilgan aloqalar va kelishib olingan qator yangi tashabbuslar orqali O‘zbekiston maktabgacha va maktab taʼlimi tizimini takomillashtirish, o‘qituvchilar malakasini oshirish, bolalarga munosib taʼlim va tarbiya berish yo‘lidagi ishlarimizni yanada jadallashtirish niyatidamiz.

Eʼzoza Karimova