School news · Maktab hayoti

“Kuch — adolatdadir!”

09.04.2026 460

“Kuch — adolatdadir!”
Amir Temur

Amir Temur bobomizning hayoti va faoliyati nafaqat xalqimiz, balki jahon davlatchiligi tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk merosdir. U o‘zining mardligi, yuksak intellekti va siyosiy zakovati bilan parchalangan o‘lkalarni birlashtirib, dunyoni lol qoldirgan qudratli saltanatga asos soldi.

Sohibqironning “Temur tuzuklari” asari bugungi kunda ham davlat boshqaruvi, harbiy mahorat va yuksak ma’naviyat darsligi bo‘lib xizmat qilmoqda. Uning ijodiy va bunyodkorlik ruhi Samarqand, Shahrisabz va ko‘plab qadimiy shaharlarimizning mahobatli obidalarida, ilm-fan va madaniyat rivojida yashamoqda.

Amir Temur shaxsi jahon tarixchilari va adiblari tomonidan doimo yuksak e’tirof etib kelingan. Uning siymosi Yevropa va Osiyo xalqlari adabiyotida mardlik, adolat va bunyodkorlik ramzi sifatida gavdalanadi. Bugun biz o‘zligimizni anglashda, milliy g‘ururimizni yuksaltirishda Sohibqiron bobomizning o‘gitlaridan kuch olamiz.

Hurmatli ustozlar, aziz yurtdoshlar!

Bugun, 9-aprel — buyuk sarkarda, qudratli davlat arbobi va ilm-fan homiysi Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan barchangizni samimiy muborakbod etaman!

✉️ Telegram 📱 Instagram  🗳 Facebook