School news · Tadbirlar

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident, ijod, sport hamda ixtisoslashtirilgan…

09.04.2026 543

✅ Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident, ijod, sport hamda ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarida aprel oyi “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilindi.

✅ Mazkur oy doirasida o‘quvchilar va pedagoglar ishtirokida qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Jumladan, “Amir Temur – o‘zbek davlatchiligining iftixori” mavzusida insholar tanlovi, “Tirik tarix” loyihasi asosida Amir Temur saltanatining Yevropa davlatlari bilan diplomatik va elchilik aloqalarini yorituvchi tarixiy-badiiy hamda hujjatli filmlar namoyishi o‘tkazilmoqda.

✅ Shuningdek, “Amir Temur va Temuriylar ibrati” mavzusida davra suhbatlari, “Uch avlod uchrashuvlari”, “Temur tuzuklari” asari asosida “Zakovat” intellektual o‘yinlari, “Turon yo'lbarslari” harbiy-sport musobaqalari doirasida “Temur tuzuklari bilimdoni” shartlari tashkil etilmoqda. O‘quvchilar uchun Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamda Islom sivilizatsiyasi markaziga, shuningdek, Qurolli Kuchlar tarkibidagi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylariga tashriflar uyushtirilmoqda.

Ushbu tadbirlar orqali buyuk davlat arbobi, yirik sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi bo‘lgan Sohibqiron Amir Temurning ibratli hayoti va ma'naviy boy merosi keng targ‘ib etilmoqda.

Amir Temur siymosi — milliy g‘ururimiz, tarixiy xotiramiz va kelajak avlod uchun bebaho ibrat manbaidir.