School news · Bizning faxrimiz
Aziz bitiruvchilar, qadrli yoshlar!
🎓 Aziz bitiruvchilar, qadrli yoshlar!
Bugun mamlakatimiz ta’lim tizimida, minglab oilalar hayotida quvonchli va hayajonli kun. 2025/2026-o‘quv yilida respublikamizdagi 10 193 ta maktabni 621 ming nafardan ortiq 9-sinf hamda 472 ming nafardan ortiq 11-sinf o‘quvchilari tamomlamoqda. Quvonarlisi shundaki, yoshlarimizning 11 ming nafardan ziyodi oltin va kumush medallar bilan taqdirlanishadi. Bu raqamlar ortida sizlarning ko‘p yillik mehnatingiz, ustozlarimizning zahmatli xizmati va ota-onalaringizning katta umidi mujassam.
Sizlar — Yangi O‘zbekistonning poydevori, ertangi kunimizning chinakam bunyodkorisiz. Maktab ostonasidan katta hayotga qadam qo‘yar ekansiz, qalbingizdagi ezgu orzularning hech qachon so‘nishiga yo‘l qo‘ymang. Bilim — sizning eng yaqin do‘stingiz va har qanday dovonni oshishda eng kuchli qurolingizdir.
Bugun mamlakatimizda iqtidoringizni to‘laqonli namoyon etishingiz uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Qaysi sohani tanlamang, uning eng yaxshi ustasi bo‘lishga intiling. Muhtaram Prezidentimiz o‘zlarining bugungi bayram tabriklarida Siz yoshlarga qanday katta umid bog‘laganlarini alohida e’tirof etib, shunday dedilar:
“Bugungi bitiruvchi – ertangi muhandis, shifokor, olim, shoir va adib, tadbirkor degani. Bugungi bitiruvchi – Uchinchi Renessans bunyodkori degani. Sizlar Yangi Oʻzbekistonning eng katta ishonchi va tayanchisiz. Oldingizga katta maqsadlar qoʻyishdan hech qachon qoʻrqmang!”
Hayot yo‘lingizda doimo halollik va mehnatsevarlik hamrohingiz bo‘lsin. Sizning yutuqlaringiz — ota-onangizning baxti, ustozlaringizning faxri va davlatimiz qudratidir.
Barchangizga oliy ta’lim muassasalariga kirishda, o‘zingiz qiziqqan kasb sirlarini egallashda va ulkan marralarni zabt etishda zafarlar tilayman.
Katta hayot sari oq yo‘l, aziz bitiruvchilar!
Hurmat bilan,
Eʼzoza Karimova
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri
✉️ Telegram 📱 Instagram 🗳 Facebook