School news · Bizning faxrimiz
30-iyun – Yoshlar kuni muborak!
💐 30-iyun – Yoshlar kuni muborak!
Aziz yoshlar!
Sizlarni 30-iyun – Yoshlar kuni bilan chin qalbimizdan samimiy tabriklaymiz!
🇺🇿Bugungi Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi — bilimli, tashabbuskor, vatanparvar va yuksak marralarni ko‘zlagan yosh avloddir. Mamlakatimizda yoshlarning zamonaviy bilim olishi, iste’dodi va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar bugun o‘zining yorqin natijalarini bermoqda.
🎓 Joriy o‘quv yilida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarning 34 nafar bitiruvchisi dunyoning TOP-300 talik oliy ta’lim muassasalariga 100 foizlik grant asosida muddatidan oldin talabalikka qabul qilindi. Xususan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari Elbek Zohidjonov va Asilbek Sunnatov dunyoda 1-o‘rinda turuvchi MIT universitetiga, Farg‘ona shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Dilafro‘z Sobirova esa Garvard universitetiga to‘liq grant asosida qabul qilindi.
Andijon shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Muxtorjon Mo‘ydinov xalqaro SAT imtihonida maksimal 1600 ball natijani qayd etdi, Nurafshon shahridagi Prezident maktabi bitiruvchisi Botirjon Xolmatov esa University College London (UCL) universitetining 180 ming AQSh dollari miqdoridagi to‘liq grantini qo‘lga kiritdi.
🇺🇿 Shuningdek, Prezidentimizning joriy yilgi qarorlari bilan Agentlik tizimidagi ta’lim muassasalari vakillari ham yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldi.
Jumladan, Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab bitiruvchisi, 58-Xalqaro kimyo olimpiadasi ilmiy qo‘mitasi a’zosi Daler Rahimov va Toshkent shahridagi Prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi Paxlavon G‘ulomov «Mard o‘g‘lon» davlat mukofotiga sazovor bo‘lishdi. Bu — bilim, mehnat va fidoyilik munosib qadrlanayotganining yana bir yorqin ifodasidir.
✅ Bu yutuqlar Agentlik tizimidagi ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlarning bilim va salohiyati, ustozlarning fidokorona mehnati hamda ota-onalarning ishonchi samarasi ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Aziz yoshlar!
Kelajakka ishonch bilan intiling, bilim olishdan hech qachon to‘xtamang, yurt ravnaqi yo‘lida dadil qadam tashlang. Sizning har bir muvaffaqiyatingiz — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yangi yutug‘idir.